Bo‘ritegin, Tamg‘achxon Ibrohim (?-taxminan 1070) (1040-1070)
Movarounnahrdagi G‘arbiy qoraxoniylar xoqonligi asoschisi. Qoraxoniylardan. Otasi Nasr ibn Ali. Iloq hokimi (1017-1021). U yerda Bo‘ritegin, amir va malik unvonlari bilan tangalar zarb ettirgan. Qoraxoniy beklaridan Alitegin turkmanlar yordamida Movarounnahrni bosib olgan paytda (1025) Ibrohim ibn Nasr uning farzandlari qo‘liga asir tushgan. 1037 yilda asirlikdan qochib Xo‘jandni egallagan. Biroq, akasi, Farg‘ona hukmdori Muhammad bilan chiqisha olmay, janubga yo‘l oldi va 1038-yilda Amudaryo bo‘yi viloyatlari Xuttalon, Vaxsh va Chag‘oniyonni bosib oldi. U yerda kuch to‘plab Movarounnahrni markaziy hududlariga bostirib kirgan va Kesh, Samarqandni egallagan(1040). Ko‘p vaqt o‘tmay u Movarounnahrni va Farg‘onani o‘ziga bo‘ysundirib, mustaqil siyosat yurita boshlaydi. Natijada qoraxoniylar ikki mustaqil davlatga ajralib ketadi: Biri poytaxti Bolosog‘unda bo‘lgan Sharqiy qoraxoniylar, ikkinchisi markazi Samarqandda bo‘lgan Movarounnahrdagi Qoraxoniylar davlati edi. Ibrohim ibn Nasr o‘zini Tamg‘achxon deb e’lon qilgan va mustaqil davlat birlashmasi - G‘arbiy qoraxoniylar xoqonligiga asos solgan. Bu g‘alabalardan so‘ng Ibrohim Tamg‘ach “bug‘roxon” unvoniga sazovor bo‘ladi. Ibrohim ibn Nasr 1041-1042 yillarda Buxorni egallagan. 1043-yilda Chag‘oniyonni g‘aznaviylar, so‘ngra bir oz vaqtdan keyin saljuqiylar bosib olgan. Ibrohim ibn Nasr saljuqiylar bilan Termiz va Balxga egalik qilish uchun kurashgan. XI asr o‘rtalarida Sharqiy xoqonlikni qamrab olgan o‘zaro janjallar, nizolardan foydalanib Ibrohim ibn Nasr Farg‘ona, Shoh, Isfijob, Taroz va hatto Qoraxoniylarning Chu vohasida joylashgan asosiy poytaxti Bolasog‘unni ham egallab olgan. Biroq, shunga qaramasdan u Samarqandni o‘z poytaxtligicha qoldirgan. Umrining oxirida falaj bo‘lib qolgan Ibrohim hokimiyatni og‘li Shamsumulkka topshirgan. Tamg‘achxon Ibrohim o‘qimishli, aqlli va tadbirkor xoqon bo‘lgan. O‘z siyosatida ulamolarga tayanib ish yuritgan. U Samarqandda tartib-osoyishtalik o‘rnatish va uning xavfsizligini ta’minlash tog‘risida alohida g‘amxo‘rlik qilgan, og‘rilik va talonchilik uchun qattiq jazolagan. Qurilish ishlariga katta e’tibor bergan. Masalan, 1066-yilda uning buyrug‘i bilan Qusam ibn Abbos maqbarasiga yaqin joyda madrasa qurilgan, shuningdek, Samarqandda qasr ham qurdirganligi ma’lum.