Otsiz ibn Qutbiddin Muhammad ibn Anushtegin (1097-1156) (1128-1256)
Anushteginiylar sulolasidan bo‘lgan Xorazm hukmdori. Otasi vafotidan so‘ng taxtga o‘tirgan, saljuqiylar sultoni Sanjarning vassali bo‘lgan. Lekin u Xorazmni mustaqil davlatga aylantirishga intilgan. Otsiz Sanjarning ruxsatisiz avvalo Jand va Mang‘ishloqni egallab va Turkistonning ichkari tumanlariga yurish qilish bilan o‘z hokimiyatini mustahkamlab olgan. Shundan so‘ng u o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan, Biroq 1138-yil Hazorasp yaqinida Sanjar qo‘shini tomonidan mag‘lubiyatga uchrab, mamlakatdan quvg‘in qilingan. Sanjar o‘zining jiyani Sulaymon bin Muhammadni xorazmshoh etib tayinlagan, lekin kelasi yili Otsizni Xorazm aholisi chaqirib olgan, shahzoda esa quvib yuborilgan. 1141-yil mayda Otsiz Sanjarga tobelik izhor etib, umrbod unga sadoqat bilan xizmat qilishga qasam ichgan, lekin bir necha oydan so‘ng Sanjar qoraxitoylardan yengilgach (1141-yil 9-sentabr), qasamini buzgan. Otsiz o‘sha yili kuzida kuchli qo‘shin bilan Xurosonga yurib Marvni egallab olgan; kelasi yil bahorida Nishopurni tobe etgan, biroq Sanjar tomonidan darhol quvib yuborilgan. 1143-44-yillarda Sanjar yana Xorazmga yurish qilgan, Otsiz kuchi ozligi tufayli unga tobelik izhor qilgan. Shundan so‘ng bir oz vaqt o‘tgach, Otsiz 3-marta isyon ko‘targan va Sanjarning elchisini (shoir Adib Sobir) Amudaryoga tashlab yuborishni amr qilgan. 1147-yil noyabrda Sanjar 3-marta Xorazmga yurish uyushtirgan, 2 oylik qamaldan so‘ng Hazorasp shahrini olgan va Gurganjga yaqinlashgan, 1148-yil iyunda sulton bilan shaxsan uchrashuv chog‘ida garchand o‘zini takabburona, gerdaygan holda tutgan bo‘lsa-da, Otsiz sultonga tobelik bildirgach, o‘z lavozimida qoldirilgan. 1153-yil Sanjar o‘g‘uzlar qo‘liga asir tushib qolgan. Otsiz bu safar sultonning sodiq xizmatkori va himoyachisi sifatida yana Xurosonga yurish qilishga shaylangan va o‘ziga Amul shahrini berishni talab qilgan, biroq rad javobini olgan. 1156-yil u Nisoga kelib asirlikdan qochgan Sanjarga o‘z sadoqatini bildirgan, lekin shu yilning 30-iyulida Habushon (hozirgi Kuchan)da 59 yoshida vafot etgan. Otsiz Kaspiy dengizi sohillaridan to Sirdaryoning o‘rta oqimiga qadar bo‘lgan yerlarda, keyinchalik buyuk davlat sifatida shuhrat topgan Xorazmshohlar davlatining poydevorini barpo etgan edi.