Jaloliddin ibn Alovuddin Muhammad (1198-1231) (1220-1231)
Xorazmshohlar davlatining so‘nggi hukmdori, mohir sarkarda. Anushteginiylardan. Xorazmshohlardan Muhammadning katta o‘g‘li. Onasi – Oychechak turkman kanizaklaridan bo‘lgan. Jaloliddin burnida holi (mank) bo‘lgani uchun Mankburni nomi bilan atalgan. Keyinchalik bu nom talaffuzda o‘zgarib “Manguberdi” nomi bilan mashhur bo‘lib ketgan. Jaloliddin voyaga yetgach, otasi uni G‘azna, Bomiyon, G‘ur, Bust, Takinobod, Zamindovar va Hindiston hududlarigacha bo‘lgan yerlarda hokim va taxt vorisi etib tayinlangan (1215). Biroq Turkon xotun va qipchoq amirlarining qat`iy noroziligi sababli Qutbiddin O‘zloqshoh foydasiga vorislikdan mahrum etilgan. Jaloliddin otasining harbiy yurishlarida ishtirok etib, o‘zining jasur jangchi, iqtidorli sarkardalik qobiliyatlarini namoyish etgan (qadimgi Irg‘is daryosi bo‘yidagi jang). Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shinlari Movarounnahrga bostirib kirib birin-ketin shaharlarni egallab, Samarqandga yaqinlashganlarida xorazmshoh Muhammad Kaspiy dengizi bo‘yida joylashgan Obeskun shahri yaqinidagi Ashur ada orolidan panoh topgan. Og‘ir bemor bo‘lgan Muhammad o‘g‘illarini yoniga chorlab, so‘nggi damda Jaloliddinni o‘z o‘rniga xorazmshoh etib tayinlagan. Jaloliddin Manguberdi ukalari Oqshoh va Qutbiddin O‘zloqshohlar bilan birga Urganch mudofaasiga oshiqadi. Lekin Urganchdagi qipchoq amirlari Turkon xotunning akasi Xumorteginni sulton deb e`lon qilib, Jaloliddin Manguberdiga qarshi suiqasd uyushtirmoqchi bo‘ldilar. Bundan xabar topgan Jaloliddin Manguberdi Temur Malik boshchiligidagi 300 kishilik suvoriylar bilan o‘z vatani – Xorazmni tashlab Xurosonga ketishga majbur bo‘ladi. Niso shahri yaqinida uni 700 nafar mo‘g‘ul suvoriysi kutardi. Jaloliddin Manguberdi shiddatli jangdan so‘ng ularni tor-mor keltirib, Nishopurga keldi. Bu yerdan u barcha viloyat hokimlariga qarshi birlashishga da`vat etdi, bir oydan so‘ng G‘azni tomon yurdi. Yo‘lda unga Hirot voliysi, qaynotasi Aminalmulk 10 ming kishilik qo‘shin bilan kelib qo‘shildi. Qandahorni qamal qilib turgan mo‘g‘ul qo‘shinlari bilan 3 kunlik jangda Jaloliddin Manguberdu ularni tor-mor keltirgan. U G‘aznaga 1221-yil keldi. Bu yerda unga xalaj qabilasi boshlig‘i Sayfuddin Ig‘roq, Balx voliysi A`zam malik, afg‘onlar sardori Muzaffar malik, qarluqlar boshlig‘i Hasan Qarluq kelib qo‘shildilar. Ularning har biri ixtiyorida 30 minglik qo‘shin bor edi. Jaloliddin Manguberdining o‘zidagi kuchlar esa 60 ming suvoriy edi. Jaloliddin Manguberdi Valiyon qal`asini qamal qilayotgan Takajuk va Malg‘ur boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shiniga hujum qilib, 3 kunlik jangdan so‘ng ular tor-mor keltirgan, 1000 dan ortiq mo‘g‘ul askari o‘ldirilgan, omon qolgan qismi Panjshir daryosidan o‘tib, ko‘priki buzib tashlashgan. Bu Jaloliddin Manguberdining mo‘g‘ullar ustidan qozongan dastlabki yirik g‘alabasi edi. Chingizxon Jaloliddin Manguberdiga qarshi Shiki Xutuxu no‘yonni 45 minglik qo‘shin bilan jo‘natadi. G‘azna yaqinidagi Parvon jangida Jaloliddin Manguberdi mo‘g‘ullar ustidan ajoyib g‘alabani qo‘lga kiritadi. Jangda harbiy taktika tarixida birinchi bo‘lib, Jaloliddin dushman suvoriylariga qarshi ot yonida turib piyoda jang qilish uslubini qo‘llaydi. Mo‘g‘ullarning Ushbu jangdagi mag‘lubiyati to shu vaqtgacha jiddiy zarbaga uchramagan Chingizxonning asosiy kuchini urushga solishi va harbiy harakat rahbarligini o‘z qo‘liga olishga majbur etadi. Biroq jangdan so‘ng Jaloliddin Manguberdining lashkarboshilari o‘lja ustida o‘zaro janjallashib qolib, oqibatda Sayfuddin Ig‘roq, A`zam malik va Muzaffar maliklar Jaloliddin Manguberdini tark etganlar. Jaloliddin Manguberdining yonida faqat Aminalmulk o‘z lashkari bilan qolgan, xolos. Chingizxon katta qo‘shin to‘plab Jaloliddin Manguberdiga qarshi shaxsan o‘zi otlangan. G‘ardiz qal`asi yaqinida Jaloliddin Manguberdi Chingizxon qo‘shinining ilg‘orini tor-mor keltiradi va kuchi ozligi sababli Sind (Hind) daryosi tomon chekinadi. Chingizxon qo‘shini Jaloliddin Manguberdini daryodan o‘tishiga imkon bermay qurshab oladi. 1221-yil 25-noyabrda bo‘lgan tengsiz jangda (Sind daryosi bo‘yidagi jang) mag‘lubiyatga uchragan Jaloliddin Manguberdi 4000 jangchisi bilan Sindning o‘ng sohiliga suzib o‘tib, cho‘l ichkarisiga kirib ketdi (Bu cho‘l hozirda ham cho‘li Jaloliy deb ataladi). Chingizxon Jaloliddin Manguberdining bu jasoratidan hayratda qolib, o‘z o‘g‘illariga qarab: “Ota o‘g‘il mana shunday bo‘lishi lozim!”, degan. Endilikda Chingizxon O‘ziga teng raqibga duch kelganini yaxshigina tushunib, Jaloliddinning katta kuch to‘plashiga xalaqit berish uchun barcha choralarni ko‘radi. Oradan bir necha kun o‘tgach, Jaloliddin Manguberdi qo‘shini soni 7 mingga yetdi. Unga Ko‘lbars bahodir, Kabkuh va Sa`diddin Ali ash-Sharabdor kabi lashkarboshilar o‘z kishilari bilan kelib qo‘shildi. Jaloliddin Manguberdi Shimoliy Hindistonning notanish cho‘lida och, juldur kiyimli jangchilari bilan sargardonlikda qoldi. Uning bu holidan foydalanmoqchi bo‘lgan Shatra viloyati rana (shoh) si Jaloliddin Manguberdiga hujum qilgan. Jaloliddin Manguberdining merganlik bilan otgan kamon o‘qidan rana halok bo‘ladi, qo‘shini esa parokanda bo‘lib qochadi. Jaloliddin Manguberdi katta o‘ljani qo‘lga kiritadi. Bu g‘alabadan so‘ng Sind, Uchcha, Mo‘lton, Lohur va Peshavor hokimi Nosiriddin Qubacha (1205-1227)ning Nandana va Sakundagi noibi Qamariddin Karmoniy Jaloliddin Manguberdiga o‘zini xayrixohligini izhor etib, sovg‘a-salomlar jo‘natgan. G‘iyosiddin Pirshohdan ajralib ketgan amirlardan Sanjoqonhon, Elchi pahlavon, O‘rxon, Soyircha, Tekjoruq Xonkishilar o‘z lashkarlari bilan kelib Jaloliddin Manguberdiga qo‘shildilar. Jaloliddin Manguberdi Kalor shahri, Parosravar, Tarnuj qal`alarini qo‘lga kiritdi. Mulklarining katta qismidan ajralgan Qubacha 10 ming otliq qo‘shini hamda mamluklar sulolasidan bo‘lgan Dehli sultoni Shamsuddin Eltutmishdan olgan qo‘shimcha kuch bilan Jaloliddin Manguberdiga qarshi jang qilgan, biroq mag‘lubiyatga uchragan, uning xazinasi, qurol-yarog‘lari o‘lja tushgan. 1222-yil Chingizxon Jaloliddin Manguberdi izidan To‘rbay To‘qshin va Bola no‘yonni 20 minglik qo‘shin bilan jo‘natadi. Lekin ular Mo‘ltonga qadar borib, shaharni ololmay, jazirama issiqqa dosh berolmay qaytishadi. Jaloliddin Manguberdi o‘ziga qarshi mo‘g‘ul qo‘shinlari jo‘natilgani xabarini Parosravar qal`asini olgandan so‘ng eshitgan. Jaloliddin Manguberdi Mo‘lton tomon yo‘l olib Qubacha mulklaridan Uchcha, Sadusan, Xatisor, Deval va Damrillarni qamal qiladi, qo‘shini uchun tuyalar zarurligi tufayli Gujarot viloyati markazi Nahrvalga Xosxon boshchiligida qo‘shin jo‘natadi. Shamsuddin Eltutmish Jaloliddin Manguberdi ustiga katta qo‘shin (30 ming otliq, 100 ming piyoda, 300 ta fil) tortadi. Jaloliddin Manguberdi mardonavorlik bilan raqibiga qarshi chiqadi. Jaloliddin Manguberdining O‘zbek Toy Jahon Pahlavon qo‘mondonligi ostidagi ilg‘ori Eltutmish ilg‘ori bilan to‘qnashib raqibidan ustin keladi. Eltutmish Jaloliddin Manguberdi huzuriga elchisini yuborib sulh so‘raydi. Jaloliddin Manguberdi Hindistonda o‘z nomidan kumush va mis tangalar zarb qiladi, unga tobe hind mulklarida uning nomi xutbaga qo‘shib o‘qilgan. Biroq vaziyat borgan sari murakkablashib bormoqda edi. Eltutmish, Qubacha, shuningdek, Hindistonning boshqa viloyat hokimlari o‘zaro til biriktirib Jaloliddin Manguberdiga qarshi ittifoq tuzmoqchi ekanliklari ayon bo‘lib qoldi. Jaloliddin Manguberdining lashkarboshisi Yazidak pahlavon va Sunqurjiq Toysilar xiyonat qilib Eltutmish tomoniga o‘tganlar. Qiyin vaziyatdan qutulish uchun Jaloliddin Manguberdi harbiy kengash chaqirgan. Amirlarning ko‘pchiligi Iroq tomon yurish qilib, uni G‘iyosiddin Pirshohdan tortib olishni taklif qiladi. Iroqda siyosiy parokandalik hukm surardi. Iroq tomon ketishga qaror qilinadi. Jaloliddin Manguberdi o‘zining Hindistonda zabt etgan mulklariga O‘zbek Toy Jahon Pahlavoni, G‘ur va G‘azni viloyatlariga Hasan Qarluqni noib sifatida qoldirib, Iroqqa yo‘l olgan. Cho‘lu biyobonlarni kesib o‘tishda Jaloliddin Manguberdining ko‘p jangchilari nobud bo‘lgan, nihoyat u 4 ming jangchisi bilan Kirmonga yetib kelgan. G‘iyosiddin Pirshohning Kirmondagi noibi Baroq hojib Jaloliddin Manguberdiga tobelik izhor qiladi. Shundan so‘ng Jaloliddin Manguberdi Fors viloyati markazi Sherozga kelgan. Fors hokimi otabek Sa`d ibn Zangiy va Yazd hokimi otabek Alouddavla ibn To‘g‘onshoh unga tobelik bildirishadi. Jaloliddin Manguberdi Isfahonga kelganda aholi uni katta tantana bilan kutib oladi, qo‘shini qurol-aslaha bilan ta`minlanadi. Bu hol G‘iyosiddin Pirshohga yoqmaydi, u akasiga qarshi 30 ming otliq qo‘shin bilan yo‘lga chiqadi. Biroq Jaloliddin Manguberdi unga sovg‘a-salomlar bilan miroxur Odekni elchi sifatida jo‘natgan va o‘zaro nizoni tinchlik bilan hal etgan. Qo‘shin boshliqlari Jaloliddin Manguberdi tomoniga o‘tgan. 1225-yil Jaloliddin Manguberdi Ozarbayjonga yurish qiladi. So‘ng Bag‘dodga qarshi yurishga hozirlik ko‘radi. Xalifa Nosirgacha elchi jo‘natib, mo‘g‘ullarga qarshi birlashishga chaqiradi. Bunga javoban Xalifa Jaloliddin Manguberdiga qarshi o‘zining mamluki amir Jamoliddin Qushtemir boshliq 20 minglik qo‘shin jo‘natdi. Basra yaqinidagi jangda Xalifa qo‘shinlari tor-mor keltirildi. Xalifa Bag‘dod mudofaasi bilan mashg‘ul bo‘ladi. Jaloliddin Manguberdi Bag‘dod atrofida 12 kun turgach, Ozarbayjon tomon ketadi. Ozarbayjon va Arron otabegi O‘zbek ichkilik, maishatga berilib davlat ishlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygan edi, davlatni amalda uning xotini Malika xotun boshqarardi. 1225-yil mayda Jaloliddin Manguberdi Marog‘a shahrini jangsiz qo‘lga kiritadi. Damashq, Erbil hokimlari u bilan ittifoq tuzishga rozi bo‘ladilar. Otabek O‘zbek Tabrizni tashlab Ganjaga, so‘ng Alinjo qal`asiga qochib o‘sha yerda vafot etadi. Jaloliddin Manguberdi Malika xotunga uylanadi. Tabrizda bir necha kun turgandan so‘ng o‘z qo‘shinini Gruziya tomon boshlaydi. 1225-yil avgustda Garni qal`asi yaqinida gurjilarning Ivane Mxargdzeli boshliq 60 minglik qo‘shinini tor-mor keltiradi va Tiflisga qarab yuradi. Gruziya malikasi Rusudana Kutaisiga ko‘chib o‘tgan. Jaloliddin Manguberdi Dvin, Lori shaharlarini egallaydi, Surmari shahri hokimlari o‘z tobeliklarini bildirishgan. 1227-yil sentabrda Isfahondan 30 chaqirim sharqdagi Sin qishlog‘i yaqinida Jaloliddin Manguberdi mo‘g‘ullarning Taynol no‘yon boshliq qo‘shinini yenggan. Taynol no‘yon Jaloliddin Manguberdi haqida: “Zamonasining haqiqiy bahodiri ekan, o‘z tengqurlarining sarvari ekan”, degan. Jaloliddin Manguberdining Ko‘niya sultoni Alouddin Kayqubod, Jazira hokimi al-Malik al-Ashrof Muzafariddin Muso, Damashq hokimi al-Malik al-Muazzam Sharafiddin Is va Misr hokimi al-Malik al-Komil Muhammadga nomalar yozib, ularni mo‘g‘ullarga qarshi kurashish yo‘lida birlashtirish yo‘lidagi xatti-harakatlari behuda ketdi. Ustiga ustak Alouddin Qayqubod muxolif kuchlarni Jaloliddin Manguberdiga qarshi birlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. 1230-yil 10-avgustda Arzinjon yaqinidagi jangda Jaloliddin Manguberdi kuchlari mag‘lubiyatga uchradi. Jaloliddin Manguberdining kuchsizlanganidan foydalangan mo‘g‘ullar katta qo‘shin bilan Ozarbayjonga bostirib kirib Marog‘a, Tabrizni egallab (1231) Jaloliddin Manguberdi ta`qib etishgan. Mayofariqin viloyatidagi qishloqlardan birida mo‘g‘ullar tungi hujum natijasida Jaloliddin Manguberdining oz sonli qo‘shinini tor-mor keltirdilar, Jaloliddin Manguberdini o‘zi esa ta`qibdan qutulib Qurdiston tog‘lariga chiqib ketgan. Bu yerda qaroqchi kurdlar qo‘liga asir tushib, fojiali ravishda halok bo‘lgan. Jaloliddin Manguberdi haqida uning shaxsiy kotibi, tarixchi Nasaviy shunday yozadi: “Jaloliddin qorachadan kelgan, o‘rta bo‘yli, turk lafzli odam edi. Fors tilini ham yaxshi bilardi. Uning botirligiga kelganda shuni aytish kerakki, sulton arslonlar orasidagi eng kuchli sher edi. Bir so‘zli, kek saqlamaydigan, ochiq ko‘ngil, to‘g‘ri odam edi. U jiddiy shaxs edi. Hech qachon kulmasdi. Juda nari borsa jilmayib qo‘yardi. U adolatsizliklarni yomon ko‘rardi. Jaloliddin o‘ta qat`iyatli, nihoyatda irodali, murakkab vaziyatlarda, taqdirning qaltis sinovlarida o‘zini yo‘qotib qo‘ymaydigan favqulodda mard va botir sarkarda edi. O‘zbekiston hukumati Jaloliddin Manguberdining mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurashda ko‘rsatgan mislsiz jasorati, vatanga va o‘z xalqiga sadoqat va cheksiz muhabbatini qadrlash va uning porloq ruhini abadiylashtirish maqsadida “Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligini nishonlash haqida” qaror qabul qildi (1998). Qarorga ko‘ra, uning yurti Xorazmda Jaloliddin Manguberdiga haykal o‘rnatildi, yirik ko‘cha, maydon, jamoa korxonalari va boshqalarga uning nomi qo‘yildi. Jaloliddin Manguberdining harbiy yurishlarida hamroh bo‘lgan tarixchi Nasaviy Jaloliddin Manguberdiga bag‘ishlab “Siyrat as-sulton Jaloliddin Manguberdi” (“Sulton Jaloliddin Manguberdining holati”) nomli asar, Maqsud Shayhzoda esa “Jaloliddin” (1943-yil) dramasini yozgan. Jaloliddin Manguberdi haqida video film, doston, p`esa va boshqalar yaratilgan. 2000-yilning 30-avgustida “Jaloliddin Manguberdi” ordeni ta’sis etilgan.