Movarounnahrda 1449-1450-yillarda hukmronlik temuriy hukmdor. Ulug‘bekning o‘g‘li. Shohrux saroyida tarbiya olgan, harbiy yurishlarda qo‘shinning o‘ng qanotiga qo‘mondonlik qilgan. Gavharshod begim va tarxon amirlar Shohrux o‘limidan so‘ng (1447) Abdulatifni oliy bosh qo‘mondonlikka tayinlab, uning amakivachchasi Alouddavlani taxtga o‘tqazishgan. Bu qarordan norozi bo‘lgan Abdulatif Alouddavlaga qarshi urush ochgan, lekin Nishopur yaqinidagi jangda (1447) yengilib, hibsga olingan. Ulug‘bek farzandi hayotini saqlab qolish maqsadida Alouddavla bilan sulh tuzishga majbur bo‘lgan. Unga ko‘ra, Alouddavla Xuroson hukmdori deb tan olinib, Abdulatifga Balx ulusi berilgan. Abdulatif Ulug‘bekning 1448-yil ilk bahoridan yozigacha Alouddavla va Abulqosim Boburga qarshi janglarida qatnashgan. So‘ng, toj-taxtni egallash maqsadida otasiga qarshi Abulqosim Bobur bilan ittifoq tuzgan. Ulug‘bek Abdulatifga qarshi qo‘shin tortgan va Amudaryo bo‘yida ikki tomon qo‘shini 3 oy muqobil turgan (1449). Samarqandda qolgan beklar isyoni tufayli Ulug‘bek poytaxtga qaytishga majbur bo‘lgan, natijada Abdulatif Amudaryodan o‘tib Termiz, Shahrisabzni egallagan. Samarqand yaqinidagi Damishq qishlog‘i yonida otasini yengib, taxtni egallagan (1449). Abdulatifning roziligi bilan Ulug‘bek va ukasi - Abdulaziz Mirzo qatl etilgan. Abdulatif olti oylik hukmronligidan so‘ng, Ulug‘bekning xos navkarlaridan Bobo Husayn bahodir tomonidan o‘ldirilgan (1450-yil 8-may). Abdulatif o‘jar, xudbin va shuhratparast bo‘lsada, otasi Ulug‘bek kabi ilm axliga ixlosmand edi. U o‘zi ham falakiyot va tarix ilmi bilan shug‘ullanar, she’rlar bitardi.