Sulton Abu Said Mirzo ibn Sulton Muhammad (1424-1469) (1451-69)
Temuriylardan bo‘lgan Movarounnahr (1451-69) va Xuroson (1458-69) hukmdori. Mironshohning nabirasi. Shohruh va Ulug‘bek vafotidan so‘ng Temuriylar davlatida boshlangan taxt uchun kurash chog‘ida Ulug‘bekning o‘g‘li Abdulatif tomonidan Buxoro zindoniga tashlangan. Abdulatifning o‘limidan so‘ng (1450) ozod qilingan. Abu Said Movarounnahr taxtiga o‘tirgan Mirzo Abdullaga qarshi Abulxayrxon yordamida qo‘shin tortgan va 1451-yil Bulung‘ur jangida uni tor-mor keltirib, Samarqand taxtini egallagan. U minnatdorchilik sifatida Ulug‘bek mirzoning qizi Robiya Sultonbegimni Abulxayrxonga xotinlikka bergan. So‘ng Abu Said Toshkentdan o‘z piri Xoja Ahrorni chaqirtirib olgan. Xuroson hokimi Abulqosim Bobur vafoti (1458)dan so‘ng Hirot, Astrobod, Mozandaron Abu Said qo‘liga o‘tib, markaziy hokimiyat tiklangan. Biroq mamlakatning g‘arbiy hududlari notinch edi, xususan G‘arbiy Eron temuriylar tasarrufidan chiqib, qora qo‘yunlilar sulolasi qo‘liga o‘tib qolgandi. Abu Said 1468-yil kuzida ularga qarshi qo‘shin tortadi, lekin 1469-yil qishida Mug‘on dashtida oq qo‘yunlilardan Uzun Hasan bilan bo‘lgan jangda yengilib, halok bo‘ladi. Abu Said davrida Movarounnahr va Xurosonda hunarmandchilik, savdo-sotiq rivojlangan, qo‘shni mamlakatlar bilan elchilik munosabatlari yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. U Hirotda saroy, kamonchilar mashqgohi, ko‘priklar, ko‘shklar, shahar darvozalari qurdirgan, ariq va hovuzlar qazitib, bog‘-rog‘lar bunyod etgan.