Sulton Muhammad Shayboniyxon ibn Budoq Sulton ibn Abulxayrxon (1451-1510), (1500-1510)
«Shayboniylar sulolasi» asoschisi (1500-1510), Abulxayrxonning nabirasi, Budoq sultonning o‘g‘li. Tug‘ilganda unga turkiylar odatiga ko‘ra ikki ism - Muhammad (arabcha) va Shayboniyxon (turkiycha) ismlari qo‘yilgan. Abulxayrxon unga Shohbaxt deb laqab qo‘ygan. Shayboniyxon g‘oyat katta jismoniy kuchga, harbiy tashkilotchilik qobiliyatiga ega edi. «Boburnoma» asarida esa u «Shayboqxon», ya`ni «kuch-qudrat egasi» deb ataladi.
Shayboniy yollanma qo‘shin boshlig‘idan xon darajasiga ko‘tarilgan tarixiy shaxsdir. U nafaqat sarkarda balki, Shohbaxt, Shoyboq, Sheboni, Shohibek, Shayboniy taxalluslari bilan g‘azal, ruboiylar bitgan shoir hamdir. Shayboniyxonning adabiy me`rosidan bizgacha bir nechta o‘zbekcha g‘azal, ruboiy va «Bahr-ul xudo» (1508-yil 14-may Bastom, Domg‘omda yozib tugallangan) nomli dostoni va 1507-1508-yillarda yozilgan o‘g‘li valiaxd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjud (uning yagona nusxasi hozir Turkiyada saqlanadi).
U yoshligida otasi Budoq sulton va onasi Qo‘zibegimdan yetim qolgach, otasining sodiq xizmatkori Qorachabek oilasida tarbiyalanadi. Keyinchalik Shayboniyga Turkiston va O‘tror hukmdori Muhammad Mazid tarxon homiylik qiladi. Shayboniy yoshligida Buxoro madrasasida ta`lim oladi.
Shayboniy Dashti Qipchoqqa qaytib borib lashkar to‘plashga muvaffaq bo‘lgan. U buyuk davlatni tiklash yo‘lida xatti-harakatni dastlab o‘z qo‘shini bilan temuriylarga yollanma qo‘shin lashkarboshisi sifatida xizmat qilishdan boshlagan. Dastlab Shayboniy parchalangan Amir Temur davlatining shimoliy chegarasida noyiblik qilayotgan homiysi Mazid tarxondan uni o‘z xizmatiga olishni so‘raydi. Avvaliga bu taklifga rozi bo‘lgan Mazid tarxon tezda Shayboniyni o‘z hokimiyatiga xavf solishi mumkinligini anglab yetadi. Natijada, u Shayboniyni Buxoro hokimi Darvish Muhammad tarxon ixtiyoriga jo‘natib yuborish orqali undan qutuladi. Chunki, Darvish Muhammad bunday yordamga muhtoj edi. Uning xizmatidan boshqa hukmdorlar ham foydalanganlar. Shayboniy o‘z qo‘shini bilan Mo‘g‘iliston, Movarounnahr hamda Xorazm hukmdorlariga xizmat qilib, ularning qo‘shnilariga va ichki raqiblariga qarshi kurashdi. Bu kurashlarda Shayboniy o‘zining mohir lashkarboshilik qobiliyatini namoyon qiladi. Uning bunday turmush tarzini yozma manbalarning mualliflari «qozoqlik» ya`ni «o‘z xalqi va qavmidan ajralib ketgan odamlar, taxt uchun kurashda yengilsa-da, ammo o‘z huquqidan voz kechmagan va o‘z tarafdorlariga boshchilik qilib, vuqoliflari bilan qulay fursat poylab kurashadigan sulola vakili» deb atashgan edi. Turli hukmdorlarga xizmat qilish Shayboniyga Temuriylar davlatidagi vaziyatni yaxshi bilib olishiga imkon berdi. Movarounnahr hukmdorlari va zodagonlari uning xizmatidan eng ko‘p manfaat ko‘rishi natijasida Shayboniy Movarounnahr zodagonlari orasida mashhur bo‘lib ketgan edi.
Shayboniy ko‘chmanchi o‘zbeklar davlatini qayta tiklash yo‘lida kurash olib borgan, biroq ,,o‘zbek-qozoq" qabilalari tomonidan kuchli qarshilikka duch kelgan. Bu qabilalar Shayboniyxonni qo‘llab-quvvatlagan qabilalarni asta-sekin janubga tomon siqib chiqarganlar. Shayboniy bobosi Abulxayrxon vafotidan parokanda bo‘lib ketgan qabilalarni birlashtirdi va beayov qonli urushlar natijasida 1480-yilda ko‘chmanchi o‘zbeklar davlatini qayta tiklashga muvaffaq bo‘ldi. 1487-1488-yillarda Sayram, O‘tror va Turkiston shaharlarini hamda qo‘rg‘onlarni egallab, Movarounnahr yaqinida mustahkam o‘rnashib oldi. Bu qo‘rg‘onlar kelgusida unga Movarounnahrni istilo qilish uchun tayanch vazifasini o‘tagan.
Shayboniyxon ko‘chmanchilarning jangovar an`analari bilan O‘rta Osiyo shaharlarining madaniy yutuqlarini birlashtira olishi uning istilochilik yurishlari muvaffaqiyatli chiqishiga yordam berdi.
Shayboniyxon 1497-yilda Movarounnahrga o‘zining dastlabki yurishini uyushtirgan. U katta kuch bilan Samarqandga yurish qildi, lekin shaharni ololmasdan, Qarshi va Shahrisabzga hujum qilib katta o‘lja bilan qaytib ketgan. Shayboniyxon 1499-yildan Movarounnahrni zabt qilishni boshladi. 1499-yilda u jangsiz Buxoroni va 1500-yilda temuriylar davlatining poytaxti bo‘lmish Samarqandni egallaydi va Sultonali mirzoni qatl ettiradi. 1501-yilda esa Boburni Ko‘hak daryosi bo‘yidagi jangda yengib, Samarqandda uzil-kesil o‘rnashib oladi. U endi katta qo‘shin to‘plab butun Movarounnahr hududlarini egallash uchun tayyorgarlik ko‘ra boshlaydi. Shayboniyxon 1503-yilda Sirdaryoning yuqori tomoniga yurish qilib, Mahmudxon, Ahmadxon va Bobur boshchiligidagi mo‘gullar, ularning ittifoqchilari bo‘lgan qalmoqlarning birlashgan kuchlariga duch keldi. Arxiyon shahri yonida bo‘lgan shiddatli jangda ularni tor-mor keltirib, Toshkent va Shohruxiya shaharlarini ishg‘ol qildi. Bu shaharlar hokimligiga amakilari Ko‘chkunchi sulton bilan Suyunchxo‘jani tayinladi. 1504-yil bahorida Farg‘onani ishg‘ol qildi. Samarqand shahri - Shayboniyxon davlatining poytaxti etib belgilandi. Shundan so‘ng Shayboniyxon ishg‘ol qilgan hamma viloyatlarga qarindosh urug‘laridan yoki o‘zbek qabilalarining yuqori tabaqa vakillaridan hokimlar tayinlaydi. Shayboniyxon Movarounnahrda o‘z ahvolini yaxshilab olganidan keyin 1504-yilda Xusravshoh hukmronlik qilib turgan Qunduz shahrini bo‘ysuntirdi, so‘ngra Xuroson va Xorazm sultoni Husayn Boyqaro davlatini zabt etishga hozirlik ko‘rdi. 1504-yilda Shayboniyxon Buxorodan Xorazmga yurish boshladi. O‘n oy davom etgan qattiq va shiddatli qamaldan keyin 1505-yilning avgust oyida Urganch egallandi. O‘sha yili kuzda Shayboniyxon qo‘shinlari Xuroson tuprog‘iga bostirib kirib Maymana va Faryobga yetib bordi. 1506-yilda esa Balxni, 1507-yil may oyining boshlarida Shayboniyxon Hirotni ishg‘ol qiladi. Shundan so‘ng Hirot o‘zining iqtisodiy, siyosiy va madaniy markaz sifatidagi nufuzini yo‘qotdi. Xurosonning bo‘ysuntirilishi bilan amalda Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz - Samarqand qo‘l ostida birlashtira oldi. 1508-yil bahorida Shayboniyxon Jon ostonalarida temuriylarning so‘nggi qo‘shinini tor-mor keltirib, ularning O‘rta Osiyodagi barcha ildizlariga barham beradi. Shu tariqa, u XV asrning ikkinchi yarmidan boshlab temuriylar amalga oshira olmagan vazifani bajara oldi. Shayboniy 1501-yilda yuz bergan «Sarapul jangi» bilan Movarounnahr taxtini olgan bo‘lsa, «Marvichak urushi» bilan butun Xurosonni o‘z tasarrufiga kiritdi. 1508-1509-yillarda o‘zbek qo‘shinlari qozoqlar ustiga hujum qilib, har gal qo‘llari baland kelgan. Shunday qilib, Shayboniyxonning temuriylarga qarshi 1500-1509-yillarda olib borgan shiddatli urushlar oqibatida Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni o‘z ichiga olgan «Shayboniylar davlati» vujudga keldi.
1510-yilda Shayboniyxon Safaviylar daylatining hukmdori Ismoil Safaviydan Marv yaqinidagi Murg‘ob daryosi qirg‘og‘ida, Tahrirobodda mag‘lubiyatga uchraydi, eron safaviylari Shayboniyxonni qo‘lga olishadi. Shoh Ismoil buyrug‘iga ko‘ra, 1510-yil 12-dekabrda uning kallasi olinib, po‘sti shilinadi, po‘sti ichi somon bilan to‘ldirilib, Safaviylarning G‘arbdagi dushmanlari bo‘lmish Usmonli turklar hukmdori Sulton Boyazid II huzuriga jo‘natiladi. Shayboniyxonning bosh chanog‘i esa shoh Ismoil uni oltin bilan qoplab, bazm-u jamshidlarda unga may quyib, qadah o‘rnida foydalangan. Uning boshsiz tanasi Samarqanddagi Baland Sufaga dafn qilingan.
Shayboniyxonning hayot tarixida e‘tiborga molik uch muhim nuqta bor. U avvalo, O‘rta Osiyoliklarning ichki kuchlariga tayanib yurishlar qilgan va oqibatda chegarasi Amudaryo doirasidan juda uzoqqa cho‘zilgan bir mamlakatni barpo etgan buyuk sohibqironlarning oxirgisi edi. Bundan keyingi jangovar yo‘lboshchilar, mahorat va hirslari qanchalik katta bo‘lsada, bu boradagi baxt-omadga erisholmadilar. Ikkinchidan, bundan keyin O‘rta va G‘arbiy Osiyoda qabilalar urushi qat‘iy tugadi. O‘zbeklar Turon yaylovidan janubiy g‘arbga tushgan qavmlarning eng so‘ngi qabilasi bo‘ldilar. Uchinchidan, ilk Amu va Sir daryolarining narigi tarafidagi musulmonlar bilan G‘arbiy Osiyodagi din qardoshlari o‘rtasida juda yaqin bo‘lmasada, doimiy bir aloqa bor edi. Temuriylarning inqirozi va halokatlari bilan bu aloqa tamom bo‘ldi. Xususan, Safaviylarning shialikni quvvatlashlari sababli aloqa uzilishi yanada chuqurlashdi. Shayboniyning ko‘chmanchi qavmlari bilan bu o‘lkaning shimol tarafiga yurishi, bunda tamomila ma‘lum diniy-ijtimoiy o‘zgarish qilgan (shialik tarqalishi) vaqtlarga to‘g‘ri kelgani uchun Movarounnahr yanada tezroq mustaqil bo‘lib oldi: juda qadim zamonlardagi kabi Movarounnahrning suv hududi Turon bilan Eron orasida asosiy bir chegara holini oldi.
Shayboniyxon ruhoniy ulamolariga katta hurmat, hatto bolalarcha itoat qilib, barcha urush safarlarida o‘zi bilan barobar kichkina go‘zal kutubxonasini olib yurar, Temur kabi bu ham Damashq va Halab ulamosi bilan diniy munozaralarga qatnashgan. Qur`onning ba`zi bir oyatlari haqida Hirotning peshqadam tafsirchilari bo‘lgan Qozi Ixtiyor va Muhammad Yusufga e`tiroz bildirgan edi. Shayboniyxoning islom dini borasida yaxshi bilimga ega ekanligini hatto Bobur ham tan oladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak Shayboniyxon o‘zini chin musulmonlar, ya`ni sunna mazhabidagi musulmonlarning boshlig‘i va ularning ximoyachisi deb hisoblardi. Shuning uchun ham Shayboniylar davrida yashagan olimlar xususan, shoir va tarixchilar uni "Xalifa ur-Rahmon" va "Imom az-Zamon" ya`ni "davr imomi" va "tangrining yerdagi xalifasi" deb ulug‘laganlar. Bu nom Shayboniyxonga Hirot olingan yili (1506) berilgan.
Shayboniyxon maorif va madaniyat haqida o‘z davrining ruhidan to‘la xabardor va hatto maorif jihatidan oldinga Temur shahzodalarning aksaridan past emas edi. Zamonasidagi tengdosh shoirlarning aksariyatidan ortiq darajada qalam sohibi bo‘lgan. Chunki uning she`rlari buyuk bir iqtidor va go‘zal tabiatga molik ekanini, u ham turkiy ham forsiy ham arabiy tillardan asosli suratda voqif ekanini ko‘rsatmoqda. Sulton Husayn Boyqaroning vafotidan keyin bir siqim donga muxtoj qolgan ko‘pgina ulamolar Shayboniydan panoh topdilar. U ulamolarni xizmatga olib, munosib vazifalar berdi. Buxoro, Samarqand, Toshkentda masjidlar, madrasalar solishga amr etdi. Hatto harbiy yurishlarda ham o‘z atrofida bir necha ulamo bo‘lgan va bular unga hurmat hamda sadoqat ko‘zi bilan qarashgan.
Shayboniyxon davlatni iqtisodiy va siyosiy jihatdan mustahkamlash yo‘lida qator islohotlar o‘tkazdi. Birinchidan u davlat boshqaruvida suyurg‘ol tizimini joriy etdi, ya`ni zabt etilgan hududlarni boshqarish ishini o‘z farzandlariga, qarindosh-urug‘lariga, birodarlariga, qabila boshliqlari bo‘lgan sultonlarga topshiradi. Xususan, Balx - Sultonshohga, Hisor - Mahdi va Hamza sultonlarga, Andijon - Mahmud sultonga, Qunduz - Ahmad sultonga, Hirot - Jonvafobiyga, Marv - Qo‘biz naymanga, Toshkent - Suyunxojaga, Xorazm - Kepakbiy qushchiga, Samarqand va Kesh Muhammad Temurga, Buxoro va Qorako‘l - Mahmud sultonga, Turkiston esa Ko‘chkunchixonga taqdim etilgan.
Samarqand poytaxt sifatida xon taxtiga o‘tqaziladigan joy hisoblangan. U yerda xon sharafiga xutba o‘qitilgan va pul zarb etilgan.
Ikkinchidan, u mamlakatda yer-suvni qaytadan taqsim qildi. Ko‘chmanchi qabila zodagonlari yengilgan mahalliy mulkdorlar mol-mulkini musodara qilish, sotish, egasiz qolgan yerlarni o‘zlariniki qilib olish yo‘li bilan mulklarini ko‘paytirib oldilar.
Uchinchidan, mamlakat ichida ijtimoiy hayotni tartibga solishga imkon beruvchi islohot ham o‘tkazdi. Keyingi 10 yil ichida soliqlar og‘irligidan va mulkdorlar jabr-zulmidan yer-suvlarini tashlab ketgan xo‘jaliklar yerlarini ishga tushirish masalasi ko‘rib chiqdi.
To‘rtinchidan, Shayboniyxon 1507-yilda pul islohotini o‘tkazdi. Bunga ko‘ra mamlakatning hamma katta shaharlarida vazni bir xil - 5,2 gramm bo‘lgan yangi kumush tangalar hamda mis chaqa pullar zarb qilinib muomalaga chiqarildi. Bu islohot iqtisodiyotni tartibga solish va savdo-sotiqni jonlantirish maqsadida o‘tkazilgan edi. Ayni paytda bu islohot markaziy hokimiyatning siyosiy va iqtisodiy mavqeini kuchaytirishga, mahalliy hokimlar mavqeini esa kuchsizlantirishga, dehqonlarning soliq to‘lash imkoniyatini oshirishga, davlat v axon mulkini ko‘paytirishga imkon berdi.
Beshinchidan, Shayboniyxon ta‘lim sohasida ham islohotlar o‘tkazdi. Bu islohotning o‘tkazilishiga amaldorlar guruhini vujudga keltirish va ularni jamiyatning asosiy tayanchiga aylantirish zarurati sabab bo‘ldi. Xonlarga va sultonlarga barcha sohalar bo‘yicha ilmli, diplomat qobiliyatiga ega bo‘lgan amaldorlar zarur edi. Islohotga ko‘ra, ko‘p bosqichli o‘qitish tizimi joriy etildi. Ta‘limning qiyu bosqichi maktab hisoblandi va bolaga 6 yoshidan ta‘lim beriladigan bo‘ldi. Maktabda ikki yil o‘qigach o‘quvchilar madrasaga o‘tkazilardi. Madrasada 3 bosqichli ta‘lim joriy etilgan bo‘lib, uning har bir bosqichida 8 yildan o‘qilardi. Shunday qilib, o‘qish 26 yil davom etardi.
Shayboniyxon tomonidan amalga oshirilgan bu kabi va boshqa tadbirlar o‘z mohiyatiga ko‘ra markaziy hokimiyatni mustahkamlashga, shayboniy xonlari va beklari hukmronligi kuchayishiga xizmat qilishi zarur edi.
"O'zbekiston hukmdorlari" kitobidan olindi
|