Boqimuhammad ibn Jonibek Sulton (? - 1605), (1601-1605)
Ashtarxoniylardan bo‘lgan Buxoro xoni. Shayboniylar sulolasining so‘nggi vakili Pirmuhammadxon (1598-1601) 1599-yilda Boqimuhammadni alohida xizmatlari uchun Samarqand hokimi etib tayinlagan. Shunday bo‘lsada u tez orada o‘z mavqeini mustahkamlab olib, Pirmuhammadxonga itoat etmay qo‘ygan va hatto unga qarshi urushga hozirlik ko‘ra boshlagan. 1601-yil uyunda Pirmuhammadxon Samarqand yaqinidagi Bog‘i Shamol degan joyda Boqimuhammad bilan jang qilib, mag‘lubiyatga uchragan. So‘ng, Boqimuhammad Buxoroga kirib, xonlik taxtini egallagan. Shu tariqa Buxoroda yangi sulola – “Ashtarxoniylar” hukmronligi boshlangan. Boqimuhammad o‘z hukmronligi davrida xonlik hududi yaxlitligi saqlab qolish o‘ziga qadar o‘tgan xonlar qo‘lidan chiqargan yerlarni dushmandan qaytarib olish maqsadida ko‘plab urushlar qilgan. Abdullaxon II o‘limidan so‘ng turkmanlar yordamida Buxoroga bo‘ysunmaslik yo‘lini tutgan Xorazm masalasini Tinch yo‘l bilan hal etdi. Chunonchi, Boqimuhammad Balx taxtiga da`vo qilib isyon ko‘targan (1601 fevral) ashtarxoniy shahzodalar- Abbos sulton va Rahmonquli sultonlarni mag‘lub etgan (1602-yil bahor) va Balxga o‘z ukasi Valimuhammadni hokim etib tayinlagan. Eron shohi Abbos I Balxni bosib olish, so‘ngra Boqimuhammadni taxtdan ag‘darib, uning o‘rniga Shayboniylardan Muhammad Salim sultonni o‘tqazish va bu bilan Buxoro xonligida Ashtarxoniylar hukmronligiga chek qo‘yish maqsadida katta qo‘shin bilan yurish qilganda, Boqimuhammad Amudaryo bo‘yidagi Puli Xataba degan joyda unga peshvoz chiqib(1602-yil iyul), Eron qo‘shinini butunlkay tor-mor keltirgan. Shoh Abbos I esa qolgan-qutgan askarlari bilan arang qochib qutulgan. 1603-yil 25-martda Boqimuhammad temuriylardan Kobul hokimi Muhammad Hakim badiuzzamon bosib olgan Qunduz shahrini uch oy qamal qilgach, yana qayta qo‘lga kiritgan. Boqimuhammad endilikda Xurosonda ham Buxoro hokimiyatini Tiklash maqsadi yo‘lida harakat qila boshladi. Xuroson yurishi 1604-yilga mo‘ljallangan edi.Ammo, 1604-yilda Qozoq xoni Keldimuhammadning qo‘shinini buxoro hududidan haydab chiqara oldi. Buning uchun esa ancha vaqt zarur bo‘ldi. Buning ustiga Boqimuhammadxon 1605-yilda vafot etdi. Boqimuhammad mamlakatni idora qilish tizimi va soliqlarni tartibga solish, qo‘shinni qayta tashkil qilish kabi qator islohatlar o‘tkazgan, savdo-sotiq, hunarmandchilik, obodonchilik ishlariga katta e`tibor bergan.